ДУНЁ

Россия Хитойга рекорд даражада кўп нефт экспорт қилди

Xitoy Xalq Respublikasi Bojxona bosh boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, may oyida Rossiya Xitoyga sutkasiga taxminan 1,98 million barrel neft yuborgan va eksport hajmini avvalgi yilning shu davriga nisbatan 55 foizga oshirgan.

Rossiya Xitoyga neft eksport qiluvchi mamlakatlar orasida birinchi o‘ringa chiqib olgan, o‘tgan bir yarim yil davomida ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha yetakchilik qilgan Saudiya Arabistoni ikkinchi o‘ringa tushib qolgan.

Reuters yozishicha, ushbu ma’lumotlar shundan darak beradiki, Rossiya, narxlarni pasaytirishiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa-da, G‘arb sanksiyalariga qaramasdan, o‘z nefti uchun xaridorlar topishga qodir.
Avvalroq Rossiya may oyi yakunlari bo‘yicha Hindistonga neft eksport qiladigan mamlakatlar ichida ikkinchi o‘rinni egallagani xabar berilgandi. Ushbu mamlakatga yetkazib berish hajmining keskin o‘sishini ekspertlar Rossiya nefti chegirma bilan sotilayotgani, bu esa uni tashib keltirishga ketadigan jiddiy xarajatlarni qoplagani bilan bog‘ladi.

AQSH, Yevroittifoq va boshqa mamlakatlar fevral oxiridan boshlab Rossiyada ishlab chiqarilgan neftni yetkazib berishga qarshi cheklov choralarini kiritgandi. Xususan, iyun boshida Yevropa mamlakatlari Rossiyadan neft sotib olishni taqiqlovchi sanksiyalar paketini ma’qulladi, shuningdek, neft va neft mahsulotlarini dengiz orqali uchinchi mamlakatlarga tashishni sug‘urtalashni taqiqladi.
Sanksiyalar fonida Rossiya xaridorlarga neftni katta chegirmalar bilan taklif qildi, martda Ural etalon navli neftiga o‘rtacha chegirma qariyb 20 foizni, aprelda — 33 foizni tashkil qildi, so‘ng yonilg‘ining o‘rtacha bir oylik narxi deyarli 20 foizga oshdi.

LEAVE A RESPONSE

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan