ДУНЁ

БМТ Афғонистон ҳукуматини аёлларга нисбатан зулм ўтказиш сиёсатидан воз кечишга чақирмоқда

BMT Afg‘oniston hukumatini ayollarga nisbatan zulm o‘tkazish siyosatidan voz kechishga chaqirmoqda
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bachelet Afg‘oniston muvaqqat hukumatini ayollarga tizimli zulm o‘tkazish, shuningdek, huquq himoyachilari va jurnalistlarni ta’qib qilish va hibsga olish siyosatidan voz kechishga chaqirdi. U bu haqda 15-iyun kuni BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi yig‘ilishida aytib o‘tdi.

Komissar mamlakatdagi aholining 93 foizi chuqur iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar inqiroz sharoitida to‘yib ovqatlanmasligini ta’kidladi. Qolaversa, u ayollarning faqat zarurat yuzasidan va faqat yuzlari yopiq holda ko‘chaga chiqishi mumkinligi, aks holda ularning erkak qarindoshlari jazoga tortilishi belgilangan farmoyishni qoraladi. Avvalroq, afg‘on hukumati o‘rta maktab o‘quvchilarining maktablarga qaytishini kechiktirishga qaror qilgandi, Mishel Bacheletning so‘zlariga ko‘ra, bu 1,1 million o‘quvchi qizning huquqlariga ta’sir qilgan.
“Bunga baho berishimga ruxsat eting: biz bugun Afg‘onistonda guvoh bo‘layotgan narsa — bu ayollarga nisbatan institutsional sistematik zulm o‘tkazishdir”, — dedi Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissar.
U mart oyida Afg‘onistonga tashrifi chog‘ida mamlakatda gender tengligiga erishish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirayotgan jasur va faol afg‘on ayollari, shu jumladan, shifokorlar, jurnalistlar va nodavlat tashkilotlar a’zolari bilan uchrashganini esga oldi. “O‘z huquqlarini himoya qilayotgan bu ayollarning jasorati meni hayratda qoldirdi”, — dedi Mishel Bachelet.
“Bugungi kunda ishsizlik ortib borayotgan bir sharoitda afg‘on xonadonlarining 93 foizi oziq-ovqat ta’minotidan mahrum bo‘lgan, ayniqsa oila boshlig‘i ayollar, qariyalar, nogironlar va bolalar bo‘lgan aholining eng zaif qatlamlariga halokatli ta’sir ko‘rsatmoqda. Afg‘oniston aholisining deyarli yarmi — 19,7 million kishi ocharchilik yoqasida”, — dedi BMT vakili.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistonda qariyb 18,1 million kishi, jumladan, 3 million nafari besh yoshgacha bo‘lgan bolalar tibbiy yordamga muhtoj.

BMTning Afg‘onistonda Inson huquqlari bo‘yicha vakili Richard Bennet 26-may kuni 11 kunlik tashrifidan so‘ng Kobulda mamlakat inson huquqlari bilan bog‘liq jiddiy muammolarga duch kelayotganini ta’kidlagandi. U rasmiylarni ayollarga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilishga, xususan, ayollarning mehnat faoliyatiga to‘siqlarni, ularning harakat va so‘z erkinligidagi cheklovlarni olib tashlashga, qizlar uchun yopilgan maktablarni ochishga chaqirdi.
2021-yil dekabr holatiga ko‘ra, Afg‘onistonda ayollarning ishlashini taqiqlash bir milliard dollarlik iqtisodiy yo‘qotishga olib kelgan. Bu mamlakat yalpi ichki mahsulotining deyarli 5 foizini tashkil qiladi.

LEAVE A RESPONSE

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan