2022/2023 o‘quv yili uchun ham abituriyentlarga 5 tagacha ta’lim yo‘nalishini tanlash imkoniyati beriladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining “Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.
Qarorga ko‘ra abituriyentlarga:
• test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi va ketma-ketligi bir xil bo‘lgan beshtagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarini hamda bir vaqtning o‘zida barcha ta’lim shakllarini (kunduzgi, sirtqi, kechki) tanlash huquqi beriladi;
• ro‘yxatdan o‘tish jarayonida tanlangan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ustuvorligiga qarab dastlab davlat granti, keyinchalik to‘lov-kontrakt asosida tanlovda ishtirok etish imkoniyati beriladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili ham abituriyentlarga beshta yo‘nalishni tanlash imkoniyati berilgandi. Biroq turli ta’lim shakllari orasidan yo‘nalishlarni tanlash imkoniyati mavjud emasdi.