Uncategorized ЖИНОЯТ ВА ЖАЗО

Тошкент вилоятида автокредит учун тўланган 1,6 млрд сўмни ноқонуний ўзлаштирган шахс қўлга олинди

Toshkent viloyatida muqaddam sodir etgan firibgarlik harakatlari uchun xalqaro qidiruvda bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi, deb xabar beradi IIV Kiberxavfsizlik markazi.

Ma’lum qilinishicha, 2020-yilning oktabr oyidan 2021-yilning aprel oyiga qadar Sh.S. ismli shaxs 4 nafar sherigi bilan “Lid car” nomli MCHJ tashkil etgan. Ular “3 yil muddatga 15 foizlik kredit” asosida 90 kun ichida avtomashina olib berish haqida yolg‘on axborotlarni Telegram’dagi “Avtokredit Lid car offcial” nomli kanal orqali tarqatib, fuqarolarni aldab, ularning pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirib kelgan.

Mazkur uyushgan guruh dastlab faoliyatini Toshkent shahrida, so‘ng Qashqadaryo va Andijon viloyatlarida olib borib, 100 nafarga yaqin fuqaroning jami 1,6 milliard so‘m pullarini noqonuniy ravishda qo‘lga kiritgan.

Uyushgan guruhning jinoiy faoliyati yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a, v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan. Biroq uyushgan jinoiy guruh tashkilotchisi 32 yoshli Sh.S. tergovdan bo‘yin tovlab, javobgarlikdan qutilish maqsadida yashiringani sababli xalqaro qidiruvga berilgan edi.

8-iyun kuni IIV Kiberxavfsizlik markazi tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida 2021-yilning noyabr oyidan buyon qidiruvda bo‘lgan Sh.S. Toshkent viloyati Chirchiq shahri hududida xonadonlarda yashirinib yashab kelayotgani aniqlanib, qo‘lga olingan va tergov organiga topshirilgan.

LEAVE A RESPONSE

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan